Aliment majburiyatlarining tugatilishi
- misha19772712
- 26 дек. 2024 г.
- 1 мин. чтения
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvda belgilangan aliment majburiyatlari quyidagi hollarda tugatiladi:
– taraflardan birining o‘limi; – mazkur kelishuv muddatining o‘tishi;
– boshqa asoslar.
Aliment majburiyatlari taraflaridan birining o‘limi o‘limning qanday asoslarga ko‘ra yuz berganidan qat’i nazar, aliment majburiyatlarining tugashi uchun asos hisoblanadi. Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish, fuqaroning o‘limi bilan bir xildagi huquqiy oqibatlarni yuzaga keltiradi. Aliment to‘lovchi bedarak yo‘qolgan deb topilganda aliment uning mol-mulkidan undiriladi. Aliment majburiyatlari bo‘yicha huquq va majburiyatlari meros bo‘yicha o‘tmaydi. Vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning sanasi aliment majburiyatlarini tugaganlik sanasi ham hisoblanadi.
Aliment majburiyatlari tugashining navbatdagi asosi aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv muddatining o‘tishi hisoblanadi. Qoidaga ko‘ra aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv muayyan muddatga yoki muddati ko‘rsatilmasdan tuzilishi mumkin. Agar aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv muddati tugagan va aliment to‘lovchi yangi bitim tuzishdan bosh tortsa yoki avvalgi bitimni davom ettirishni istamasa, aliment oluvchi aliment undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilishga haqli.
Sud tartibida undiriladigan aliment to‘lashni tugatish asoslari sharhlanayotgan moddaning ikkinchi qismida belgilangan. Sudning qarori bilan voyaga yetmagan bolaga tayinlangan aliment majburiyati bola 18 yoshga to‘lishi yoki voyaga yetmagan bolaning nikohga kirishi yoki emansipatsiya munosabati bilan to‘liq muomalaga layoqatli deb topilishi bilan tugatiladi.
Parkent tumani adliya bo‘limi
YUXKM boshlig’i S.Xasanboyev

Комментарии