Ayollarning qanday mehnat huquqlari bor, imtiyozlar-chi?
- misha19772712
- 26 дек. 2024 г.
- 3 мин. чтения
Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash huquqiga ega. Shu jumladan, xotin-qizlar ham o’zining mehnat qilishga oid huquqlarini amalga oshirishga haqli.
Qonunchilikka ko’ra, ishlaydigan ayollarga bir qator yengilliklar va imkoniyatlar belgilab qo’yilgan. Oilaviy vazifalarni bajarish bilan band bo’lgan shaxslar, voyaga yetmaganlar, nogironligi bo’lgan shaxslar, homilador ayollar va boshqalarga alohida g’amxo’rlik bilan bog’liq holda asoslangan tarzda ularga afzallik berish, shuningdek ularni cheklash kamsitish deb hisoblanmaydi.
Ayollarning mehnat huquqlariga oid muhim savol-javoblar:
1. Ayollarni homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ishga qabul qilmaslik mumkinmi?
Homilador ayollarni ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to’lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi. Ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, rad etish sabablari mansabdor shaxs tomonidan yozma asoslantirilgan holda homilador ayol yoki farzandlari bor shaxs talabiga ko’ra 3 kun ichida taqdim etilishi shart. Yozma asosni berishni rad etish ishga qabul qilish qonunga xilof ravishda rad etilganligi ustidan shikoyat qilinishiga monelik qilmaydi.
2. Dastlabki sinov kimlarga qo’llanilmaydi?
Homilador ayol yoki 3 yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydi.
3. Homiladorligi sababli ayolni yengilroq ishga o’tkazish mumkinmi?
Tibbiy xulosaga muvofiq, homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko’rsatish normalari avvalgi ishlaridagi o’rtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo’lgan ishga o’tkaziladi. Ishlab chiqarish normalarini kamaytirish, shuningdek vaqtincha boshqa ishga o’tkazish muddatlari tibbiy xulosaga muvofiq belgilanadi.
4. Yosh bolali ayollarga qisqartirilgan ish vaqti qo’llaniladimi?
Ha, 3 yoshgacha bo’lgan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi majburiy tartibda belgilanadi va uning mehnatiga to’lanadigan haq kamaytirilmaydi.
5. Mehnat ta’tilini qachon olishlari mumkin?
Qonunchilikka ko’ra, birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan 6 oy o’tganidan keyin yuzaga keladi. Lekin ayollarga ularning xohishiga ko’ra, homiladorlik va tug’ish ta’tilidan, oldin yoki undan keyin 6 oy o’tmasidan har yilgi mehnat ta’tili beriladi.
6. Ayollar mehnat ta’tilidan chaqirib olinadimi?
Ha, lekin barcha ayollar ham emas. Sababi, homilador ayollarni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo’l qo’yilmaydi.
7. Ayollar mehnati qanday muhofaza qilinadi?
Ayollar tomonidan ular uchun yo’l qo’yiladigan eng ko’p normadan ortiq bo’lgan og’ir yuklarni ko’tarish va tashish taqiqlanadi.
Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko’rsatish normalari avvalgi ishlaridagi o’rtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo’lgan ishga o’tkaziladi. Ishlab chiqarish normalarini kamaytirish, shuningdek vaqtincha boshqa ishga o’tkazish muddatlari tibbiy xulosaga muvofiq belgilanadi.
Ushbu masala hal etilgunga qadar, ayolning qoldirilgan barcha ish kunlari uchun o’rtacha ish haqi saqlanadi va ishdan ozod etilishi lozim.
8. Homiladorlik va tug’ish ta’tili muddati qancha?
Ayolga tug’ruqqacha 70 kalendar kun hamda tug’ruqdan keyin 56 kalendar kun (tug’ish qiyin kechgan yoxud 2 yoki undan ortiq bola tug’ilgan taqdirda 70 kalendar kun) homiladorlik va tug’ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o’rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo’lmagan miqdorda nafaqa to’lanadi.
Shuningdek, ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal (tug’ruqqacha) parvarishlash (perinatal skrining va tashxis, majburiy tibbiy ko’riklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar) uchun o’rtacha ish haqi saqlangan holda qo’shimcha bo’sh kunlar berishi shart.
9. Bolani parvarishlash uchun qanday ta’tillar beriladi?
Homiladorlik va tug’ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko’ra, unga bolasi 2 yoshga to’lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun nafaqa to’lanadi.
Shuningdek, ayolga uning xohishiga ko’ra, bolasi 3 yoshga to’lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo’shimcha ta’til ham beriladi.
Ta’tillar davomida ayolning ish joyi saqlanadi.
10. Bolasini parvarishlayotgan ona yengilroq ishga o’tkazilishi mumkinmi?
2 yoshga to’lmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan ota-onadan biri (vasiy) avvalgi ishini bajarishi mumkin bo’lmagan taqdirda, o’z arizasiga ko’ra bajariladigan ishi uchun haq to’lanadigan, biroq avvalgi ishi bo’yicha o’rtacha ish haqidan kam bo’lmagan miqdorda bola 2 yoshga to’lguniga qadar ish haqi to’lanadigan boshqa ishga o’tkaziladi.
Ish beruvchida boshqa ish mavjud bo’lmagan taqdirda, 2 yoshga to’lmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan xodimga qonunchilikda belgilangan tartibda bola parvarishi bo’yicha nafaqa to’lanadi.
11. Bolani ovqatlantirish uchun qancha tanaffus beriladi?
2 yoshga to’lmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo’shimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda, har biri o’ttiz minutdan kam bo’lmagan davomiylikda beriladi. Ikki yoshga to’lmagan 2 yoki undan ortiq nafar farzandi bo’lgan taqdirda, tanaffusning davomiyligi kamida bir soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o’rtacha ish haqi bo’yicha haq to’lanadi.
2 yoshga to’lmagan bola otasining yoki onasining (vasiysining) xohishiga ko’ra bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusga qo’shib berilishi yoxud ish kunining (smenaning) tegishincha qisqartirilgan holda boshiga yoki oxiriga ko’chirilishi, shu jumladan jamlangan holda ko’chirilishi mumkin.
12. Homilador ayolni ishdan bo’shatish mumkinmi?
Homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko’ra bekor qilishga yo’l qo’yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo’linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.
Parkent tumani adliya bo‘limi
YUXKM boshlig’i S.Xasanboyev

Комментарии