Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olishning protsessual tartibi.
- misha19772712
- 26 дек. 2024 г.
- 1 мин. чтения
Fuqarolik-protsessual kodeksining 300-moddasi talabiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining boshqa davlat fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olish to‘g‘risidagi arizaga mazkur 300-moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
farzandlikka olinayotgan bolaning O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organining roziligi;
farzandlikka olinayotgan bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha davlat vakolatli organining roziligi;
farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
farzandlikka olinayotgan bolaning sog‘lig‘i holati, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa;
o‘n yoshga to‘lgan farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olinishiga, shuningdek familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgartirilishi mumkinligiga va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) uning otaonasi (otasi yoki onasi) sifatida qayd etilishiga roziligi, bundan Oila kodeksi 156-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bunda farzandlikka olinayotgan bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha davlat vakolatli organining roziligi, farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma, farzandlikka olinayotgan bolaning sog‘lig‘i holati, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa belgilangan tartibda legalizatsiya qilinishi yoxud ularga belgilangan tartibda apostil qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
Bunda taqdim etiladigan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining davlat tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan bo‘lishi ham talab qilinadi. Agar farzandlikka olinayotgan bolaning sog‘lig‘i holati, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa O‘zbekiston Respublikasi hududida berilgan bo‘lsa, legalizatsiya qilinishi yoki apostil qo‘yilishi hamda tarjima qilingan bo‘lishi haqidagi talablar ushbu hujjatga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Chet el fuqarolari bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan farzandlikka oluvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar belgilangan tartibda legalizatsiya qilinishi yoxud ularga belgilangan tartibda apostil qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Bunda taqdim etiladigan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining davlat tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Parkent tumani adliya bo‘limi
YUXKM boshlig’i S.Xasanboyev

Комментарии