Er-xotinning bir-biriga ta’minot berish majburiyatlari
- misha19772712
- 26 дек. 2024 г.
- 2 мин. чтения
Oila kodeksining 15-bobida er-xotinlar va sobiq er-xotinlarning aliment majburiyatlarini belgilanadi.
Er-xotinning bir-biriga moddiy yordam berishi nikoh tuzilgan paytdan vujudga keladigan er-xotinning o‘zaro majburiyatlaridan biri hisoblanadi. Ushbu majburiyatning qonunda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda so‘zsiz bajarilishining zarurligi shu bilan belgilanadiki, erxotin, shu jumladan sobiq er-xotinga agar er (xotin) ixtiyoriy ravishda moddiy ta’minot berishdan bosh tortganda yoki ular o‘rtasida ta’minot berish haqidagi kelishuv mavjud bo‘lmaganda sud tartibida ta’minot undirishga haqli hisoblanadi.
Rasmiy ro‘yxatga olinadigan nikohni qayd etmasdan, amalda nikoh munosabatlarida bo‘lgan shaxslar o‘zaro moddiy yordam talab qilishga haqli bo‘lmaydilar. Bu qoida mutlaq tus kasb etadi va shaxslarning amalda qancha muddat nikoh munosabatlarida bo‘lganligi bu vaziyatda ahamiyat kasb etmaydi.
Er-xotinning bir-biridan moddiy yordam olish huquqi sobiq erxotinlarga ham tegishli hisoblanadi. Oila kodeksida sobiq er (xotin) ning ta’minot olishi mumkin bo‘lgan holatlarning qat’iy ro‘yxati nazarda tutiladi. Biroq nikoh haqiqiy emas deb topilganda er-xotin bir-biridan moddiy yordam berishni talab qilishga haqli bo‘lmaydi. Bu holatga nisbatan istisno bo‘lib, nikohning haqiqiy emasligi, insofli er (xotin)ning huquqlari buzilishi hisoblanadi. Bu holatda sud nikohni haqiqiy emas deb topishda insofli er (xotin)ga insofsizlik qilgan xotin (er)dan Oila kodeksining 118-119-moddalarida belgilangan qoidalar asosida moddiy yordam undirib berishi mumkin.
Sharhlanayotgan moddada er-xotinning bir-biridan moddiy yordam olishi uchun asos bo‘ladigan shartlar keltirib o‘tilgan. Eng avvalo, bu mehnatga layoqatsizlik va yordamga muhtojlik hisoblanadi. Mehnatga layoqatsiz bo‘lib pensiya olishi yoki pensiya olmasligidan qat’i nazar, pensiya yoshidagi er (xotin) (ayollar – 55 yosh va erkaklar – 60 yosh) hisoblanadilar. Shuningdek, I, II, III guruh nogironlari ham mehnatga layoqatsizlar toifasiga kiradi.
Yordamga muhtojlik er (xotin)dan moddiy yordam olish uchun asos sifatida sud tomonidan har bir aniq holatdan kelib chiqib belgilanadi. Qoidaga ko‘ra, yordamga muhtojlar jumlasiga mustaqil ish haqiga ega bo‘lmagan, pensiya olmaydigan va mol-mulkdan, shuningdek kredit muassasalariga omonatlar, aksiyalardan daromad olmaydiganlar kiradi.
Parkent tumani adliya bo‘limi
YUXKM boshlig’i S.Xasanboyev

Комментарии