Fuqarolarni yashash xonadonlariga doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish tartibi
- misha19772712
- 26 дек. 2024 г.
- 1 мин. чтения
Fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kundan 15 kun ichida o‘zlariga qulay bo‘lgan tuman (shahar) «pasportnыy stol», ya’ni ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
Yangi tug‘ilgan bolalar esa «ZAGS», ya’ni FHDYo organlari tomonidan unga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirishda otasi yoki onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olinadi.
Fuqaro viloyatlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi uchun tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari yoki maxsus portalga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
mulkdor arizasi (yoki notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi), agar shaxsan borish imkoni mavjud bo‘lmasa);
ro‘yxatga olinayotgan fuqaroning pasporti yoki ID-kartasi, harbiy hisob hujjatlari;
nikoh tuzilganligi yoki bolalar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar (shuningdek, vasiylikni (homiylikni) tasdiqlovchi hujjatlar hamda oilaga tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuv).
Kishilarni viloyatlarda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uning doimiy ro‘yxatini bekor qilmagan holda, mulkdorning arizasida yoki soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasida ko‘rsatilgan, biroq bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
Davlat xizmatlari markazi yoki maxsus portal orqali xizmat ko‘rsatilganda, zarur ma’lumotlar idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali olinadi.
Parkent tumani adliya bo‘limi
YUXKM boshlig’i S.Xasanboyev

Комментарии