Nikohdan ajratish tartibi
- misha19772712
- 26 дек. 2024 г.
- 1 мин. чтения
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 38-moddasi nikohni bekor qilishning ikkita muqobil variantini belgilaydi – sud va FHDYo orqali. Ushbu tizim 1998 yilda Oila kodeksi qabul qilinishidan ancha oldin tashkil etilgan va ajrashish to‘g‘risidagi ishni soddalashtirish zarurati bilan bog‘liq hisoblanadi.
Sudning (fuqarolik sudi) faoliyati Oila kodeksi va FPK normalari, FHDYo organlari faoliyati esa – Oila kodeksi va Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari bilan tartibga solinadi.
Oila kodeksining 42 va 43-moddalarida nazarda tutilgan holatlar FHDYo organida nikohdan ajratish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi:
1. voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajratishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, er-xotin o‘rtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish to‘g‘risida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo bo‘lmagan taqdirda (Oila kodeksining 42-moddasiga ko‘ra);
2. agar er-xotindan biri sud tomonidan bedarak yo‘qolgan yoki sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, shuningdek sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi (Oila kodeksining 43-moddasiga ko‘ra).
Oila kodeksi 42 va 43-moddalarining talablariga to‘g‘ri kelmaydigan ajrashishning boshqa barcha asoslari – bolalar, birgalikda sotib olingan mulkni bo‘lish, muhtoj mehnatga layoqatsiz tomonni ta’minlash to‘g‘risidagi nizolarning mavjudligi, er-xotinning FHDYo organida nikohni bekor qilishga o‘zaro roziligi mavjud bo‘lmagan yoki ulardan biri birgalikda ariza berish uchun FHDYo organiga kelmaganligi, muomala layoqati cheklangan shaxs bilan nikohni bekor qilish va boshqalar ishni sudda ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi.
Parkent tumani adliya bo‘limi
YUXKM boshlig’i S.Xasanboyev

Комментарии